Yer magnitdir

Yer magnitdir

Yer sharining qayerida boʻlishingizdan qat’i nazar, kompas ignasi biroz tebranib, maʼlum bir holatda, shimoliy yarimsharda shimolni, janubda esa janubni koʻrsatib toʻxtaydi.

Yer — har qanday magnit kabi shimoliy va janubiy ikkita qutbga ega va ularni bogʻlab turadigan magnit kuch chiziqlari boʻylab kompas mili saflanadigan ulkan magnitdir. Bu kuch chiziqlari magnit qutblar singari geografik meridianlar bilan mos kelmaydigan magnit meridianlaridir.

Shimoliy magnit qutb shimoliy yarimsharda, Kanadaning eng shimoliy qismidagi Butiya yarimorolida, janubiy qutb esa janubiy yarimsharda, Antarktida orqali oʻtadigan Tasmaniya oroli meridianida joylashgan.

Kompas milining Yer yuzasining magnit qutbi (magnit meridiani) tomon yoʻnalishi geografik meridian yoʻnalishiga mos tushmaydi. Ular orasida magnit ogʻish burchagi deb ataladigan burchak hosil boʻladi. Yer yuzidagi har bir joy oʻz magnit ogʻish burchagiga ega. Magnit mili sharqqa ogʻganda bu ogʻish sharqiy (musbat), gʻarbga ogʻganda esa gʻarbiy (manfiy) deb hisoblanadi.

Magnit milining muayyan joydagi magnit ogʻish burchagini bilgan holda, haqiqiy (geografik) meridianning yoʻnalishini aniqlash oson. Agar kenglik ham maʼlum boʻlsa, unda geografik koordinatalar yoki nuqtaning joylashuvini ham aniqlash mumkin.

Magnit qutblari Yer qaʼrida joylashgani uchun magnit mili gorizontal joylashmay, balki ufqqa enkaygan boʻladi. Magnit maydoni kuch chiziqlari yoʻnalishi va gorizontal tekislik orasidagi burchak enkayish burchagi deb ataladi. Magnit qutblariga yaqinlashgan sari enkayish burchagi ortadi. Magnit qutbida magnit mili vertikal holatga keladi va magnit enkayish burchagi 90 darajaga yetadi. Magnit ekvator yaqinida esa u nolga teng.


Qiziqarli geografiya
Yer magnitdir

 

manba: sinaps.uz

Оставьте комментарий