Toshqotgan qoldiqlar qanday hosil bo‘ladi?

Toshqotgan qoldiqlar qanday hosil bo‘ladi?

Toshqotgan qoldiqlar bu — hayvon va o‘simliklarning toshda saqlanib qolgan qoldiqlari. Ba’zan ular chig‘anoq, suyak, tangacha yoki hayvon tanasining boshqa qattiq qismlariga o‘xshaydi. Ba’zida hayvonlar butunlay saqlanib qoladi. O‘simliklarga kelsak, bu yongan yog‘och bo‘lagi yoki parchalanishdan keyin qolgan, yupqa uglerod plyonkasi bo‘lishi mumkin. Ko‘pincha hayvonlarning vaqt o‘tishi bilan qotib, toshga aylangan loydagi panja izlari ham uchrab turadi. Tirik organizm o‘lgach, uning tanasi butunlay yo‘qolmaydi. Yumshoq qismlar chiriydi, qattiq qismlar esa shamol va yog‘ingarchilikning yemiruvchi ta’siriga duchor bo‘ladi.

Agar o‘limdan keyin tana qum yoki loy bilan qoplansa, uning qismlari ancha vaqt saqlanib qolishi va uzoq muddatdan keyin toshqotgan qoldiqqa aylanishi mumkin. Qoldiqlarning aksariyati suvda yashovchi hayvon va o‘simliklarga tegishli. Buning sababi shundaki, o‘lgandan keyin ularning tanasi suv tubiga cho‘kadi va tezda suv olib keladigan qum qatlami bilan qoplanadi. Tananing qoldiqlari asta-sekin qum va balchiq ostida chuqurroq ko‘milib, ularning pastki qatlamlari ortib borayotgan bosim ostida qotib cho‘kindi jinslarga aylanadi. Cho‘kindi jinslar juda sekin to‘planadi va ularda ko‘milgan o‘simlik, hayvon tanalari doimiy o‘zgarishlarga uchraydi. Suvdagi mineral tuzlar suyaklardagi mayda teshik va qobiq atrofidagi bo‘shliqlarni to‘ldiradi.

Qobiqlarning o‘zi parchalanib yo‘q bo‘lgach, toshda ularning izlari qoladi. Bu jarayon ming yillarga cho‘ziladi. Quruqlikda esa tirik organizmlarning jasadi shamol ta’sirida qum qatlami yoki otilgan vulqon kuli ostida qolishi mumkin. Hasharot va boshqa mayda hayvonlar ba’zan yopishqoq qatronga yopishib qoladi. Sovugan qatron qahraboga aylanadi va murdani chirishdan asrab qoladi. Kattaroq hayvonlar bilqillama qum yoki abadiy muzlik sharoitida saqlanib qolishi mumkin.


Qiziqarli geografiya
Toshqotgan qoldiqlar qanday hosil bo‘ladi?

 

manba: sinaps.uz

Оставьте комментарий