Sekstant nima?

Sekstant nima?

Yer boʻylab sayohat davomida yoʻl qayerga olib borishini bilsangiz, adashmaysiz. Kemada sayohat qilganda ham qirgʻoq koʻrinib tursa, tepalik, daryo, togʻ, oʻrmon va plyajlarni tanib, oʻz joyingizni osongina aniqlashingiz mumkin. Qadim zamonlarda dengizchilar yerni nazardan qochirmaslik uchun qirgʻoqdan taxminan 3–4 kilometr masofada suzishni afzal koʻrgan. Ochiq okeanga chiqishga jurʼat etgan odamlar oʻz joyini aniqlashning ishonchli usullari boʻlmagani uchun katta xavf ostida boʻlgan. Keyinchalik bu usul topilgan va dengizchilar bu joyning kengligi hamda uzunligini aniqlab, qayerdaligini bilish imkoniyatiga ega boʻlgan.

Kenglik ushbu joy ekvatordan shimolda yoki janubda qancha masofada joylashganini bildiradi.

Uzunlik esa Grinvich orqali oʻtadigan tasavvurdagi chiziqdan qanchalik sharqda yoki gʻarbda ekanini koʻrsatadi. Bu koʻrsatkichlarning oʻlchovi darajalarda beriladi. Dengizda kenglik va uzunlikni aniqlash uchun shturman yulduzlar va Quyoshning joylashgan oʻrniga qaraydi. Kunduzi u Quyosh peshin vaqtida qanchalik baland koʻtarilganini aniqlab, kenglikni bilib oladi. Kechasi esa buni tungi osmon yoritkichlarining balandligini aniqlash orqali amalga oshiradi. Uzunlik kema bortidagi vaqtni Grinvichdagi (Angliya) vaqt bilan taqqoslash orqali aniqlanadi. Agar kemadagi vaqt barvaqt boʻlsa, demak, Grinvichdan gʻarbroqdasiz. Agar kechroq boʻlsa, demak, sharqroqda. Vaqtning gʻarb yoki sharq tomon har bir soat farqi oʻn besh darajaga teng.

Sekstant — shturman tomonidan Quyosh, Oy, sayyora va baʼzi yulduzlarning joylashgan oʻrnini aniqlash uchun ishlatiladigan asbob. Sekstant dumaloq pirog boʻlagiga oʻxshaydi va uning yumaloq qismiga darajalangan shkala oʻrnatilgan. Koʻrsatkich milining bir uchi harakatlanuvchi oyna singari sekstantning yuqori nuqtasiga biriktirilgan. Boshqa uchi esa shkalaga ishora qiladi. Bundan tashqari, sekstantga teleskop va uning old tarafiga koʻzgu biriktirilgan. Shturman teleskop va bu oyna orqali ufqqa qarab, kuzatilayotgan yoritkichning aksi ufqqa tegguniga qadar koʻzguni harakatlantiradi. Milning ikkinchi uchi shkalada kuzatilayotgan yoritkichning balandligini koʻrsatadi.


Muhim kashfiyotlar
Sekstant nima?

 

manba: sinaps.uz

Оставьте комментарий