Nobel qanday mukofot?

Nobel qanday mukofot?

Har yili Nobel mukofoti topshirilganda, laureatlar atrofida juda koʻp shov-shuvlar paydo boʻladi. Ulardan intervyu olinadi, ular haqida maqolalar yoziladi. Buning sababi shundaki, Nobel mukofoti koʻpchilik tomonidan kimyo, fizika, tibbiyot yoki adabiyot kabi muayyan faoliyat sohasidagi xizmatlar uchun berilgan eng yuqori mukofot sifatida qaraladi. Shuningdek, tinchlikni mustahkamlashga qaratilgan saʼy-harakatlar uchun Nobel tinchlik mukofoti ham mavjud. 

Shunisi eʼtiborga loyiqki, ushbu mukofot vayron qilish ilmiga katta hissa qoʻshgan shaxs tomonidan taʼsis etilgan. Alfred Nobel Stokgolmda tugʻilib, 1833–1896-yillarda yashagan. U ixtiro qilgan va patentlagan kashfiyotlar orasida dinamit, nitroglitserin (dinamitdan kuchliroq modda) va portlash detonatorining yangi turi bor. Ehtimol, juda koʻp vayron qiluvchi narsalarni yaratgan Nobel dunyo uchun oliyjanob biror narsa qilish zaruriyatini his qilgandir. Alfred tinchlik gʻoyasiga juda xayrixoh boʻlib, urushning oldini oladi deb oʻylagan rejasi boʻlgan.

Aytgancha, Nobel ajoyib olim boʻlishdan tashqari, sheʼrlar ham yozgan. U adabiyot va ilm-fan — inson taraqqiyotining eng muhim omillari deb oʻylagan. Oʻlimidan keyin Nobel 9 000 000 dollarga ega jamgʻarma qoldirgan. Pul kimyo, fizika, tibbiyot, adabiyot va tinchlikni mustahkamlashga ulkan hissa qoʻshgan odamlarni mukofotlash uchun moʻljallangan edi. Mukofot birinchi marta 1901-yil 10-dekabrda, Nobel vafot etgan kuni topshirilgan. Nobel shved boʻlganligi sababli mukofotlar Shvetsiya Nobel jamgʻarmasi tomonidan beriladi.

Sohalar boʻyicha gʻoliblarni aniqlash uchun tanlangan tashkilotlar: fizika va kimyo — Shvetsiya Fanlar akademiyasi, tibbiyot — Shvetsiyaning Karolina instituti, adabiyot — Shvetsiya akademiyasi, tinchlikni mustahkamlash — Norvegiya parlamenti tomonidan saylangan besh kishilik qoʻmita. 1969-yilda iqtisodiyotdagi yutuqlar uchun ham mukofot belgilandi.


Muhim kashfiyotlar
Nobel qanday mukofot?

 

manba: sinaps.uz

Оставьте комментарий