Osmonda nechta yulduzni ko‘rish mumkin?

Osmonda nechta yulduzni ko‘rish mumkin?

Kitoblarda “Falakni milliardlab yulduzlar qoplagan” kabi iborani tez-tez uchratish mumkin. Boshqacha qilib aytganda, yozda tungi osmonga qarab, koʻzimiz oʻngidagi kichik porloq nuqtalar son-sanoqsizdek tuyuladi. Shuning uchun yaxshi koʻrish qobiliyatiga ega boʻlgan kishi osmonda teleskopsiz atigi 6000 ga yaqin yulduzni koʻra olishi sizni ajablantirishi mumkin. Lekin bu ularning barchasini bir vaqtning oʻzida koʻrish mumkinligini anglatmaydi, chunki yulduzlarning bir qismi har doim ufq chizigʻi orqasida yashiringan boʻladi. Shuning uchun Yer yuzining maʼlum bir nuqtasida ularning nari borsa faqat yarmi koʻrinadi. Bundan tashqari, Yer yuzasida toʻplanadigan bugʻ va tuman ufqdan pastda joylashgan yulduzlarni nazarimizdan yashiradi.

Demak, agar osmondagi yulduzlarni sanashga qaror qilsak, katta ehtimol bilan, ularning mingdan biroz koʻprogʻi koʻrinadi. Ammo osmonning xuddi shu qismi teleskopga ulangan fotokamera bilan suratga olinsa, natija boshqacha boʻladi. Fotosuratda oddiy koʻzga koʻringanidan koʻra koʻproq yulduz borligi namoyon boʻladi. Kuchli teleskop yordamida 1 000 000 000 dan ortiq yulduzni suratga olish mumkin. Aniqlangan yulduzga maʼlum biror nom yoki tartib raqami beriladi.

Qadimda dunyoning turli burchaklaridagi odamlar — arab, yunon, rim va xitoyliklar eng yorqin va eʼtiborga loyiq yulduzlarga nom bergan. Bunday nomga ega yulduzlar bir necha yuzta. Keyinchalik olimlar oʻzi koʻrgan barcha yulduzlar kiritilgan maxsus roʻyxatlar — kataloglarni tuza boshlagan. Bizga maʼlum boʻlgan eng qadimiy katalog milodiy 137-yilda tuzilgan. Unga 1025 ta yulduz kiritilgan. Zamonaviy katalogda 457 000 dan ortiq yulduz mavjud.


Koinotga sayohat
Osmonda nechta yulduzni ko‘rish mumkin?

 

manba: sinaps.uz

Оставьте комментарий