Mollyuska nima?

Mollyuska nima?

“Mollyuska” soʻzi tarixdan ilgari yashagan qandaydir jonzotning nomiday eshitiladi, ammo aslida unday emas. Mollyuskalar — shilliqqurt, venera, ustritsa va sakkizoyoqlarni oʻz ichiga oladigan, skeletsiz tirik organizmlarning katta sinfi. Ular har xil oʻlchamlarga ega: deyarli koʻzga koʻrinmas mikroorganizmlardan tortib, uzunligi 15 metrga yetadigan ulkan bosh-oyoqlilargacha. Ular tropik va Arktika mintaqalarida ham, dengiz tubida va quruqlikda ham yashashi mumkin. Ammo mollyuskalarning 60 mingdan ortiq turi mavjud boʻlsa-da, ularning barchasi umumiy xususiyatlarga ega. Barcha mollyuskalar “mantiya” deb ataladigan katta et burmalari bilan qoplangan yumshoq, shilimshiq va suyaksiz tanaga ega.

Koʻpgina mollyuskalarning mantiyasi ustritsaniki singari qattiq chigʻanoq bilan qoplangan boʻlsa, boshqalarida bu himoya chigʻanogʻi yoʻq. Deyarli barcha mollyuskalarda mantiyaning davomiga oʻxshash “oyoq” kabi narsa boʻlib, u harakatlanishga yordam beradi. Mollyuskaning turiga koʻra “oyoq” suzish yoki yurishga, loyga koʻmilish yoki daraxtda yoʻl ochishga yordam beradi. Mollyuskalarning besh guruhi boʻlib, ulardan uchtasining vakili keng tanilgan.

Bu keng tarqalgan guruhlarning birinchisi “qorinoyoqlilar” deb ataladi. Qorinoyoqlilar orasidagi shilliq qurtlar va boʻrigullarning barchasida qorin sohasida bitta katta “oyoq” bor. Barcha qorinoyoqlilarning koʻz va moʻylovchalarga ega boshi, koʻpchiligining orqa tomonida esa spiralsimon shakldagi chigʻanogʻi bor. Mollyuskalarning ikkinchi keng tarqalgan guruhi — qoʻshoyquloqlilar. Bu guruhga ustritsa, venera, midiya va boshqalar kiradi. Barcha qoʻshoyquloqlilar ochiladigan qoʻsh chigʻanoq bilan himoyalangan, shaklsiz tanaga ega. Ularning barchasi suvda yashaydi.

Bizga maʼlum soʻnggi mollyuskalar guruhi “bosh-oyoqlilar” deb nomlanadi. Ushbu guruh vakillari ogʻiz atrofida joylashgan koʻplab qoʻl yoki paypaslagichlarga ega. Bu guruhga sakkizoyoq, kalmar, karakatitsa, nautilus va boshqalar mansub. Ular mollyuskalar orasida “aristokrat”lardir, chunki boshqalardan asab tizimi bilan ajralib turadi. Barcha mollyuskalar tuxum qoʻyadi — baʼzilari bir nechta, boshqalari esa anchagina. Ayrimlarining avlodi lichinkalar, boshqalariniki esa ota-onasining kichik “nusxa”si shaklida paydo boʻladi.


Mikroorganizmlar
Mollyuska nima?

 

manba: sinaps.uz

Оставьте комментарий