Urug‘lar qanday tarqaladi?

Urug‘lar qanday tarqaladi?

Urugʻ muayyan bir oʻsimlikning oʻziga oʻxshash boshqa bir oʻsimlikni koʻpaytirish usullaridan biridir. Ammo urugʻlarning oʻsishi uchun ayrim sharoitlar talab qilinadi. Ularga namlik, kislorod va issiqlik kerak. Agar urugʻ maʼlum vaqt ichida oʻsishni boshlamasa, u nobud boʻladi. Shuning uchun ham urugʻlar uchun kerakli joyga oʻz vaqtida tushishi juda muhimdir. Yaxshiyamki, ular tarqalishining kamida sakkiz usuli mavjud.

Keling, ularning har birini koʻrib chiqaylik. Ulardan biri koʻplab urugʻlarning yuzasidagi ilgak va tikanaklarga bogʻliq. Urug‘ oʻtayotgan hayvonlarning terisiga, odamlarning kiyimlariga yopishib, shu yoʻl bilan boshqa joyga oʻtadi. Urugʻlarning yana bir turini “yopishqoq” deb atash mumkin. Bunday urugʻlar yopishqoq rezavorlarda uchraydi. Qushlar bu rezavorlarni choʻqiganida, urugʻlarning bir qismi tumshugʻiga yopishib qolib, uzoq masofalarga olib boriladi. Suvda yoki suv yaqinida oʻsadigan oʻsimliklarning urugʻlari koʻpincha loyga yoki suvga tushadi. Qush yoki hayvonlar ozuqa qidirib qirgʻoq boʻylab yurganida, ularning panjalariga koʻpincha urugʻ tushgan balchiq yopishib qoladi. Baʼzi urugʻlar turli xil hayvonlar uchun ozuqa boʻlib xizmat qiladi. Olmaxon, qush va hasharotlar urugʻlarning ayrim turlari bilan oziqlanadi. Hayvonlar terib olgan urugʻlarning hammasi ham isteʼmol qilinmaganligi tufayli qolgan qismi turli joylarga olib borilib, tashlab yuboriladi.

Odam ham oʻzi bilmagan holda koʻplab urugʻlarni tarqatadi. Don tarkibida elab, ajratib olish mumkin boʻlmagan mayda urugʻchalar juda ham koʻp va donni tashishda bu urugʻlar u bilan birga boshqa joyga boradi. Ayrim urugʻlar yangi joylarga “uchib oʻtadi”. Ularning koʻpchiligida paxmoq oʻsiqlar boʻlib, ular yordamida shamol urugʻlarni olib ketadi. Masalan, zarang daraxti urugʻlari juft boʻlib oʻsadi va ularning har biri qanotchalarga ega.

Baʼzi boshqa urugʻlar parashyut shaklida boʻlib, shamol ularni osongina uchirib ketadi. Urugʻlarning ayrim turlarini “suzuvchilar” deb atash mumkin. Ular suvga tushib, shamol yoki oqim taʼsirida koʻchib oʻtadi. Nihoyat, urugʻlari portlash orqali tarqaladigan oʻsimliklar ham mavjud. Ularning mevalari quriganida, toʻsatdan yorilib ketadi va urugʻlar bir necha fut masofaga sochilib, tarqaladi.


O‘simliklar dunyosi
Urug‘lar qanday tarqaladi?

 

manba: sinaps.uz

Оставьте комментарий