Hayvonlar bir-birini tushunadimi?

Hayvonlar bir-birini tushunadimi?

Agar biz hayvonlarning oʻzaro signallarni belgi yoki tovushlar yordamida uzatib, bir-biri bilan aloqa qilish qobiliyatini nazarda tutsak, javob — ha. Agar inson tiliga oʻxshash aloqa nazarda tutilgan boʻlsa, unda yoʻq.

Hatto odamlar oʻrtasidagi muloqot ham har doim soʻzlar yordamida amalga oshirilmaydi. Bizda gʻazabni ifoda etishning oʻziga xos usuli bor; befarqlikni koʻrsatish uchun esa yelka qisamiz; bosh chayqash, imo-ishora va boshqalar. Koʻpgina hayvonlar xuddi shu narsalarni hid va belgilar yordamida ifoda etadilar.

Tovuq past tovushlarni chiqarganida yoki egilganida uning barcha joʻjalari bu xavf haqidagi ogohlantirish ekanini tushunishadi. Ot baland tovushda kishnaganida yoki depsinganida boshqalari buni maʼlum bir signal sifatida qabul qilishadi. Ayrim hayvonlar arang sezilarli belgilar yoki tovushlarni tushunishlari mumkin. Qush atrofni koʻzdan kechirib olish uchun shoxga qoʻnganida boshqalari harakat qilmay turishadi. Ammo u boshqa niyat bilan qoʻnganida unga uchib ketishlari haqida bildirishlari mumkin va ehtimol qush ham boshqa maqsadda qoʻnganini alohida belgilar bilan ifodalashi mumkin.

Itlar ham turli yoʻllar bilan muloqot qilishadi. Ular nafaqat hurishadi, balki uvillab, akillab, gʻingshib, panjalarini koʻtaradilar yoki irillaydilar. Boshqa itlar ham har bir holatda bu nimani anglatishini juda yaxshi bilishadi.

Hayvonlar bir-biri bilan nafaqat tovushlar va imo-ishoralar, balki hidlar yordamida ham muloqot qilishadi. Bu, masalan, poda boʻlib yuradigan hayvonlarning birga harakat qilishlariga yordam beradi. Qolaversa, hid orqali muloqot itlar uchun qanchalik katta ahamiyatga ega ekanligini hammamiz bilamiz..

Maymunlar eng aqlli hayvon deb hisoblanadi. Siz ham shunday fikrdamisiz? Agar javobingiz “ha” boʻlsa, afsuski adashdingiz. Chunki ularning tili boshqa hayvonlarnikiga nisbatan unchalik rivojlanmagan. Maymunlar gʻazab, ochlik yoki zavq tuygʻularini koʻrsatishda tovush va yuz ifodalaridan foydalanadilar. Ammo bu tovushlar inson nutqidagi soʻzlarga umuman oʻxshamaydi.

Bilamizki, odamzod (yaʼni biz) tugʻilganidan soʻng gapirishni oʻrganishi talab etiladi. Ammo maymunlar va boshqa hayvonlar oʻzlarining “tillarini” tugʻilganidan bilishadi. Ular ilgari hech qachon oʻz turdoshlarini koʻrmagan boʻlsalar ham oʻz turlariga mos keladigan signallarni tarqatadilar.

Biroq qushlar sayrashni hech boʻlmaganda qisman oʻrganishlari mumkin. Shuning uchun ham kanareykalar orasida boʻlgan chumchuq ular kabi sayrashga harakat qiladi. Bu holatda u oʻziga xos “chet tili”ni oʻrganadi!


Boshqa mavjudotlar qanday yashaydi?
Hayvonlar bir-birini tushunadimi?

 

manba: sinaps.uz

Оставьте комментарий