Filga xartum nega kerak?

Filga xartum nega kerak?

“Muzlik davri” multfilmini ko’rmagan inson yo’q bo’lsa kerak. Minglab yillar oldin ana shu multfilmdagi “mamontlar” deb nomlanadigan gigant hayvonlar yashagan. Ular oʻsha davrdagi oziq-ovqat yetishmovchiligi va qiyinchiliklarga dosh berolmay asta-sekin nobud boʻlishgan. Ammo ulardan ikkita avlod qolgan — bu Afrika va Osiyo fillari.

Fillar quruqlikdagi hayvonlarning eng kattasi hisoblanadi. Bahaybat boʻlishlariga qaramay, ular tabiatan yuvosh, juda aqlli, yumshoq va sabrli hayvonlardir. Koʻpincha ular donolik timsoli sifatida ham tasvirlanadi. Xonaki itlar kabi ularni ham barcha qolgan hayvonlardan farqli oʻlaroq qoʻlga oʻrgatish osonroq.

Filning tanasi ogʻir bo‘lib, uning vazni o‘rtacha 5 tonnani tashkil qiladi. Aynan shu ogʻirlikni ushlab turish uchun ham fillarning oyoqlari kalta va ustun shaklida tuzilgan. Ularga kerakli kuchni aynan shu oyoqlar ta’minlab beradi.

Filning yuqori jagʻidan chiqqan ikkita tish, aslida, aql bovar qilmas oʻlchamlarda oʻsib ketgan tishlardir. Ular bu tishlarini ozuqa qidirishda ildizlarni kavlash uchun, shuningdek himoya vositasi sifatida ishlatishadi.

Hind fillarida bu tishlar faqat erkaklarida boʻladi.

Filning xartumi hayratlanarli aʼzo boʻlib, usiz u hayvon hayot kechira olmaydi. Bu fil tanasining eng eʼtiborga loyiq qismi boʻlib, u deyarli inson qoʻllari bilan bir xil vazifalarni bajaradi. Xartum — bu burun va yuqori labning davomi, u filga qoʻl, burun va lab sifatida xizmat qiladi. 

Xartum taxminan 40 000 ga yaqin mushaklardan iborat. Shuning uchun ham bu aʼzo juda kuchli va egiluvchan. Fil xartumini juda samarali qurol sifatida ham ishlatadi. Xartumning uchi barmoqlar singari shunchalik sezgirki, u hatto yengil teginishni ham his qilishi mumkin.

Xartumdan ovqatni ogʻizga soladigan qoʻl sifatida ham foydalaniladi. Suv ichish uchun fil uni xartumdagi naychalarga tortib oladi, soʻng xartumini ogʻziga kiritib suvni tomogʻiga quyadi. Shuningdek, tetiklashib olish uchun xartumidan dush sifatida foydalanib, oʻzi ustidan suv quyishi mumkin. Fillar suvni juda yoqtiradilar va imkon boʻldi deguncha choʻmilishadi. Katta vaznlariga qaramay, ular ajoyib suzuvchilardir. Choʻmilish paytida urgʻochi fillar koʻpincha bolasini orqasiga oʻtqazib oladi.

“Muzlik davri” multfilmida yuqoridagi holatlarning barchasini uchratishingiz mumkin.

Maʼlumot oʻrnida, fillar yuzlab yil yashaydi degan taxmin bor, lekin tutqunlikda ular kamdan-kam hollarda 90 yoshgacha yashaydi.


Boshqa mavjudotlar qanday yashaydi?
Filga xartum nega kerak?

 

manba: sinaps.uz

Оставьте комментарий