Nega mashina qum ostiga “cho‘kib ketadi”?

Nega mashina qum ostiga “cho‘kib ketadi”?

Qum ostiga “choʻkib ketgan” mashina haqida gapirishdan oldin, mavzuni bir voqeadan boshlashni maʼqul koʻrdik. 1692-yilning 7-iyun kuni Yamaykaning Port Royal shahrida qaroqchilarning mashhur qarorgohi qum ostiga gʻarq boʻladi. Bu falokat katta zilziladan keyingi yerning yumshashi tufayli sodir boʻlgan va bu voqea aynan soat 11:43 da yuz bergan. Bunday aniq fakt bizga shaharning uchdan ikki qismi va 2000 dan ortiq odam bilan birga choʻkib ketgan choʻntak soati tufayli maʼlum.

Yer yumshashi biz qum deb ataydigan boʻsh tuproqning bilqillama qumloqqa aylanishidir. Agar bu qumga yaqindan qarasak, u aslida minglab mitti toshchalardan tashkil topganini koʻramiz. Toshchalarning yumaloqligi hamda deyarli bir xil hajmi ular orasida suv kirishi mumkin boʻlgan boʻshliqlar borligini anglatadi. Biz qirgʻoqdagi namlangan qumga oyoq qoʻyganimizda u nisbatan barqaror boʻladi. Chunki zarrachalar oʻzaro itarilib, bir-birini ushlab turadi, ortiqcha suv esa bosim pastroq boʻlgan sohalarga sizib chiqib ketadi.

Biz nam qumli tuproqlar ustiga binolar qurishimiz mumkin va quramiz ham. Negaki zarralarning vazni va ular orasidagi ishqalanish tufayli qum asosan qattiq yer vazifasini oʻtaydi. Ammo zilzila vaqtida qum zarralari hadeb uyoqdan buyoqqa qimirlagani tufayli suv sizib chiqa olmay qoladi.
Boʻsh joylashgan qum bosim ostida siqilishga moyil boʻladi. Ammo siqilmaydigan suv ular orasidagi boʻshliqlardan chiqib keta olmasa, qum siqila olmaydi va ogʻirlik suvga tushadi.

Afsuski, suv suyuqlik sifatida unchalik strukturaviy yaxlitlikka ega emas va suvga toʻyingan qum tezda siqilishga majbur boʻlganda u suyuqlikka oʻxshab qoladi. Uning ustida turgan zich jismlar esa yumshagan qumga “choʻkib ketadi”. Siz ham ushbu jarayonni sohil yaqinidagi suvga toʻyingan qum ustida oʻtkazishingiz mumkin: qumda turganingizda u ancha qattiqdek tuyuladi. Biroq oyogʻingizni tebratsangiz, harakatlar ostingizdagi qumni yumshashga majburlaydi va siz “choʻka boshlaysiz”.

Nega mashina qum ostiga “cho‘kib ketadi”? 3

Kattaroq miqyosda zilzila tufayli sodir boʻladigan yumshash jarayoni mashinalarni, yoʻllarni va hatto ulkan turar joylarni ham yutib yuborishi mumkin. Boshqacha qilib aytganda, zilzilalar bilqillama qumloqlarni hosil qila oladi, ammo tebranish toʻxtab, qum zarrachalari suv taʼsiridan ozod boʻlganda yer yana qotadi. Choʻkkan hamma narsa esa qotgan yer orasida tiqilib qoladi. Maqolamizning boshida keltirilgan mashina ham shu ahvolga tushgan.


Ushbu mavzuga doir video → youtube.com/watch?v=Y-rP0f9GYqc


Yerdan gapiramiz
Nega mashina qum ostiga “cho‘kib ketadi”?

 

manba: sinaps.uz

Оставьте комментарий