Biz nega charchaymiz?

Biz nega charchaymiz?

Charchoqni aslida zaharlanishning bir turi deb hisoblash mumkin. Tana mushaklari ishlaganda, u sut kislotasini ishlab chiqaradi. Agar charchagan mushakdan sut kislotasini olib tashlasak, u darhol yana ishga tushishi mumkin!

Kun davomida biz sut kislotasi bilan “oʻzimizni zaharlaymiz”. Mushaklarning ishlashi paytida organizm ishlab chiqaradigan “charchoq toksinlari” deb nomlanuvchi boshqa moddalar ham paydo boʻladi. Qon ularni butun tana boʻylab tarqatadi, shuning uchun nafaqat mushakning oʻzi, balki butun tana, ayniqsa miya charchoqni his qiladi.

Olimlar charchoq bilan juda qiziqarli tajriba oʻtkazdilar. Maʼlum boʻlishicha, agar it charchoqdan uxlab qolgunicha ishlashga majbur qilinsa va keyin uning qoni boshqa itning tanasiga quyilsa, u ham darhol “charchagan”ga aylanadi va uxlab qoladi! Agar biron bir tetik itning qoni charchagan va uxlab yotgan itga quyilsa, u darhol uygʻonadi va charchoqdan xalos boʻladi.

Ammo charchoq nafaqat kimyoviy, balki biologik jarayon hamdir. Biz shunchaki “charchoqni ketkaza olmaymiz”, chunki tana hujayralari dam olishlari kerak. Miyaning “charchagan” asab hujayralari “qayta quvvatlanishi”, boʻgʻinlar esa ishlatilgan yogʻlovchi suyuqlikni tiklashlari kerak. Organizm haddan tashqari charchaganidan keyin tana quvvatni tiklashi uchun u albatta dam olishi zarur.

Biroq, dam olish jarayoni bilan bogʻliq juda qiziqarli va muhim holat ham bor. Stolda koʻp soatlik mashaqqatli mehnatdan charchagan kishida dam olish uchun yotish istagi umuman boʻlmasligi mumkin. Uning oʻrniga jon deb sayr qilishga tayyor boʻladi! Maktabdan uyga qaytgan bolalarni ham yotishga va dam olishga majbur qilish murakkab masala — katta ehtimol bilan uyga kelgach, ovqatni “urib” tashqariga koptok tepgani chiqib ketishadi.

Buning sababi shundaki, agar tananing maʼlum bir qismi, masalan, miya, koʻzlar, qoʻllar yoki oyoqlar charchagan boʻlsa, ularning tetikligini qayta tiklashning eng yaxshi usuli — bu tananing boshqa qismlarini faollashtirishdir. Aslida, biz faol harakatlar orqali dam olishimiz mumkin. Faollik nafas olishni kuchaytiradi, qonning tezroq aylanishini va bezlarning ishlashini taʼminlaydi, natijada chiqindilar tananing charchagan qismidan tezroq chiqariladi. 

Ammo, agar siz haddan tashqari charchagan boʻlsangiz, yaxshisi yotib uxlash kerak, albatta!


Inson organizmi
Biz nega charchaymiz?

 

manba: sinaps.uz

Оставьте комментарий